O‘rnatish yo‘riqnomasi

Windows kompyuteringizga o‘rnatamiz

Boshidan oxirigacha 30 daqiqagacha — NVR’ingiz tarmoqda ishlab tursa. Dasturchi bo‘lish shart emas: quyidagi 6 qadamni ketma-ket bajarasiz, xolos. NVR’ni ham sozlash kerak bo‘lsa, usta bilan 45–90 daqiqa deb rejalang.

Dasturni yuklab olish

Python, sun’iy intellekt modeli va barcha kutubxonalar o‘rnatuvchi ichida — o‘rnatishning o‘zi uchun internet kerak emas. Panelga ulanish va hisobotlar uchun esa do‘konda internet bo‘lishi kerak.

Dastur hozir yakuniy sinovdan o‘tmoqda. Raqamingizni qoldiring — tayyor bo‘lgan kuni yuboramiz.

Fayl nomi ENES_Setup- bilan boshlanadi va versiya raqami bilan tugaydi — masalan ENES_Setup-0.6.16.exe. Raqam har yangi versiyada o‘zgaradi, ya’ni yangisini olganingizni shundan bilasiz.

  1. Faylni saqlang

    Chrome ba’zan “Bu faylni kam odam yuklaydi” (This file isn’t commonly downloaded) deb ogohlantiradi.

    Yuklamalar ro‘yxatida fayl yonidagi tugmasini bosing → Saqlash (Keep).

  2. “Windows kompyuteringizni himoya qildi” oynasi

    Faylni ishga tushirganingizda ko‘k oyna chiqadi: “Windows protected your PC”.

    Qo‘shimcha ma’lumot (More info) ni bosing → pastda Baribir ishga tushirish (Run anyway) paydo bo‘ladi, shuni bosing.

    Nega chiqadi? Dasturimiz yangi va hali Microsoft raqamli sertifikati olinmagan. Bu virus haqidagi ogohlantirish emas — Windows shunchaki dasturni tanimaydi. Faylni faqat shu rasmiy saytdan yuklab oling.

  3. Ruxsat bering

    Windows so‘raydi: “Bu ilova qurilmangizga o‘zgartirish kiritishiga ruxsat berasizmi?” (Do you want to allow this app to make changes?)

    Ha (Yes) ni bosing.

    Bu ruxsat dasturni Program Files ga o‘rnatish va kompyuter yonganda avtomatik ishga tushirish uchun kerak.

  4. Keyingi → Keyingi → O‘rnatish

    O‘rnatuvchi oynasi o‘zbek tilida ochiladi.

    Ikkala katakni belgilangan holda qoldiring:
    ☑ Ish stoliga yorliq  ·  ☑ Kompyuter yonganda avtomatik ishga tushsin

    Avtomatik ishga tushish muhim: do‘kon kompyuteri kechqurun o‘chirilib ertalab yoqiladi. Belgilangan bo‘lsa, nazorat kompyuter yonishi bilan o‘zi boshlanadi — tizimga kirish ham, hech qanday oynani ochiq tutish ham kerak emas.

  5. Panelingiz ochiladi — ro‘yxatdan o‘ting

    O‘rnatish tugagach brauzer o‘zi ochiladi. U yerda telefon raqamingizni, o‘zingiz tanlagan login va parolni kiritasiz.

    So‘ng “Bu kompyuterni ulaymizmi?” degan savolga Ha deb javob bering. Ekrandagi kod dastur oynasidagi kod bilan bir xil bo‘lishi kerak.

    Kod ikkala ekranda ko‘rsatiladi — shu tufayli boshqa birovning kompyuterini xato tasdiqlab yubormaysiz.

  6. Kamerani va kirish chizig‘ini panelda sozlang

    Panelda “Kamerani ulash”“Qidirish”. Dastur do‘kon tarmog‘idagi kameralarni o‘zi topadi va sinov rasmini ko‘rsatadi. Topilmasa NVR manzilini qo‘lda kiritasiz.

    So‘ng “Chiziq va zonalar” bo‘limida kirish chizig‘ini eshik oldiga surib qo‘ying. Chiziq tayyor holda qo‘yiladi — uni faqat joyiga surasiz.

    Chiziqsiz hech narsa sanalmaydi. Buni telefondan ham qilsangiz bo‘ladi — do‘kon kompyuteri oldida o‘tirish shart emas. Birinchi raqamlar 10–20 daqiqada paydo bo‘ladi.

NVR paroli haqida

NVR’da ENES uchun alohida foydalanuvchi yarating va unga faqat ko‘rish huquqini bering. Parol shifrlangan holda saqlanadi va panel sahifasida hech qachon ko‘rsatilmaydi.

Nima ishlamayapti?

Brauzer o‘zi ochilmadi

Start menyusidan ENES Monitoring → Boshqaruv paneli ni oching. Ish stolidagi ENES Monitoring yorlig‘ini bosib, qora oyna ochilib turganiga ham ishonch hosil qiling — u yopilsa dastur to‘xtaydi.

Dastur ishlayaptimi-yo‘qmi tekshirish uchun shu kompyuterda http://localhost:8760 ni oching — u yerda qurilma holati ko‘rinadi.

Kamera topilmadi yoki tasvir kelmadi

Tartib bilan tekshiring:

  1. Kompyuter va NVR bitta tarmoqdami (bir xil router yoki switch)?
  2. NVR sozlamalarida RTSP yoqilganmi? (Odatda: Network → Advanced → RTSP, port 554)
  3. Foydalanuvchi nomi va parol to‘g‘rimi? Parolda @ yoki / bo‘lsa ham ishlaydi — dastur uni o‘zi to‘g‘rilaydi.
  4. Kamera H.265 berayaptimi? ENES H.264 substream bilan ishlaydi. NVR menyusida: Video → Stream Type → Sub Stream → H.264.

Baribir chiqmasa — @fibotai ga yozing, birga ulaymiz.

“Windows bu faylni bloklab qo‘ydi”

Bu 2-qadamdagi oyna. Qo‘shimcha ma’lumot (More info)Baribir ishga tushirish (Run anyway). Agar oyna umuman chiqmay fayl o‘chib ketgan bo‘lsa, antivirus o‘chirgan bo‘lishi mumkin — yuklamalar papkasini tekshiring.

ZIP fayl tushdi, ichida faqat papkalar bor

Siz manba kodini yuklab olgansiz (GitHub’dagi “Download ZIP”). U o‘rnatilmaydi — dasturchilar uchun. Tayyor dasturni shu sahifadagi “Windows uchun yuklab olish” tugmasidan oling: fayl nomi ENES_Setup- bilan boshlanadi va .exe bilan tugaydi.

Dasturni qanday o‘chiraman?

Boshqaruv paneli → Dasturlar → ENES Monitoring → O‘chirish. Sozlamalaringizni saqlashni so‘raydi: Yo‘q desangiz kamera sozlamalari qoladi va qayta o‘rnatganda hammasi joyida bo‘ladi.

Linux / Ubuntu Server

Bu yo‘l texnik mutaxassislar uchun: mini-PC yoki serverga systemd xizmati sifatida o‘rnatiladi va cloudga pairing kod bilan ulanadi.

Pairing kodni kiriting.

O‘zim uddalay olmadim — usta chaqiring